Abduqodir Toshqulov 2021-yilgacha rektorlik qilgan Termiz davlat universitetiga qayta rahbar bo‘ldi. Bungacha u oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
O‘zbekistondagi OTMlarda ta’lim olayotgan 211 ming nafar talabaning turar-joyga ehtiyoji bor, shundan faqat 91 ming talaba yotoqxonaga joylashishi mumkin. «Turar-joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan», — dedi Abduqodir Toshqulov.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar ijara subsidiyasining shartnomasiz varianti ustida ish olib borilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, ijara subsidiyasini kimlarga berishni talabalar guruhda o‘zi hal qiladi. Ilmiy kengash tasdiqlagach, subsidiya talabalarning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
Magistraturaga qabul uchun topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilgan, deya tanqid qildi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov. U mas’ullarga qabul yakunida sertifikatlarni yana bir bor tekshirish, soxta hujjatlar topshirganlarni esa o‘qishdan chetlatish yuzasidan ko‘rsatma berdi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarga kirishda beriladigan barcha imtiyozlar qayta ko‘rib chiqilib, inventarizatsiyadan o‘tkazilishini ma’lum qildi. «Juda ko‘p va xo‘p imtiyozlarimiz bor. Keyingi o‘quv yilidan shu imtiyozlarning vaqtini yashab bo‘lganlaridan voz kechamiz», — dedi u.
Oliy ta’lim vazirligi talabalarning qariyb 41 foizi yotoqxona bilan ta’minlanganini ma’lum qildi. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 28 foizni tashkil qilgan. 2 qavatli karavotlar, turar joylarni optimallashtirish, yangi yotoqxonalar hisobiga o‘rinlar soni ko‘paytirildi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov magistraturaga o‘qishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Magistraturaga o‘qishga kirishda chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati hamda bakalavr diplomining o‘rtacha bali hisobga olinishi mumkin.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarning ilmiy salohiyatini shubha ostiga olayotganlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’limda ishlayotgan 70−80 yoshdan oshganlar shu vaqtgacha ilm bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ular ta’lim uchun kerak. Bundan tashqari, vazir tasdiqlanmagan ma’lumot bergani uchun 23 OTM prorektorini tanqid qildi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov o‘zining talabalik yillari, ilgari OTMga hujjat topshirishda kuzatilgan qiyinchiliklar, talabalar o‘rtasidagi mahalliychilik, pul topish uchun qora ish qilishga to‘g‘ri kelgani haqida so‘zlab berdi. Qolaversa, sessiyada fanlarni yopib yurgan yillarini esga olar ekan, 5 baho evaziga 4 «telejka» somon tashittirgan ustozini universitetga rektor bo‘lgach, ikkita shart bilan ishga olganini aytdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2 kursdan boshlab ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qildi. «Ishlaganda ham o‘zining sohasida ishlasin. Men buni hurmat qilaman», — dedi u. Qolaversa, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov aholining 65 foizi oliy ta’limga haliyam ishonmasligi haqida so‘rovlarni ko‘rganligini ta’kidladi. Vazir sohada korrupsiya kamaygan bo‘lsa-da, tizim atrofida firibgarlar ko‘payganligini qayd etdi. «Xalq, rahbariyat oliy ta’limning „yuvelir“ darajada toza bo‘lishini xohlaydi», — dedi u.
Endilikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston voleybol federatsiyasining prezidenti sifatida ham faoliyat yuritadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov masofaviy ta’lim uchun ko‘plab maxsus platformalar bo‘lishiga qaramasdan, Qashqadaryo OTMlaridagi talabalar Telegram orqali o‘qitilayotganini tanqid qildi. Masofaviy ta’limni tashkil qilishdagi kamchiliklar uchun Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi.
OTM vaziri Abduqodir Toshqulov ta’lim muassasalarida guruh murabbiyi o‘rniga joriy etilgan «tyutor» lavozimi bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalar ekan, uni o‘qituvchilarga yuklash holatlari uchrayotganini aytdi. «Maqsad professor o‘qituvchilarni o‘ziga asosiy ishiga xos bo‘lmagan ishlardan ozod qilish, u sifatli dars o‘tsin», — dedi u. Vazir shuningdek, darsga kechikib va xatto tayyorlanmasdan kelayotgan o‘qituvchilar vijdonan dars o‘tmayotganini tanqid qildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hozirga qadar tizim to‘liq raqamlashtirilmagani uchun xorijlik hamkasblari oldida uyalib qolayotganini ta’kidladi. «O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmaydi», — dedi Abduqodir Toshqulov. U shuningdek, endi talabalar guvohnomasi ham ID karta shaklida bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Kelgusi yildan xorijdan o‘qishni ko‘chirishda o‘tish bali joriy yilgi kirish ballari bilan bir xil bo‘lishi ma’lum qilindi. Mazkur imtihonlar DTMda o‘tkaziladi. Ichki o‘qishni ko‘chirish xususida ham yangiliklar kutilmoqda.
Abduqodir Toshqulov OTMlar talabalar turar joylarida qizlar va o‘g‘il bolalarning bir qavatda joylashtirilganligini tanqid qildi. U bino bitta bo‘lgan taqdirda, ikkita kirish va chiqish joyi qilish mumkinligini ta’kidladi.
Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasalari isloh qilinishi, buning uchun esa uch oy vaqt kerakligini ma’lum qildi. «Umuman oliy ta’lim muassasasida nima yoqmagan bo‘lsa hammasi isloh bo‘ladi», — dedi vazir.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov xorijlik mehmonlarni kutib olishga jalb qilinayotgan talaba qizlar bo‘yicha munosabat bildirdi. «Nega mening gul qizlarim, gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring», — dedi vazir. U shuningdek, «bu majburiy mehnatning bir ko‘rinishi» ekanini aytgan.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ish faoliyatining birinchi kunlari bo‘yicha o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi. Uning aytishicha, xodimlar horg‘in, ba’zi strukturalar esa talablarga javob bermaydi. U endilikda vazirlik «yangicha ish tartibiga» o‘tishini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting